SQBning xalqaro kapital bozori va xavfsiz rivojlanishga qaratilgan yangi qadami


04.11.2026 09:41

Aktivlar 104 trillion so‘mga yetdi, depozitlar 2,7 baravarga o‘sdi, biroq foyda dinamikasida tebranishlar bor. Moliya bozorida bu ko‘rsatkichlar turlicha talqin qilinmoqda. O‘zi aslida bugun yirik banklar qanday strategik burilishni boshdan kechirmoqda? O‘zsanoatqurilishbankining Strategik rivojlantirish departamenti direktori Dilshod Kalonov bularning barchasiga ochiq va mantiqiy javob berdi.
Без названия (2).jpg

– Dilshod aka, oxirgi paytlarda moliya bozorlari va tahlilchilarning diqqat markazida banklarning choraklik foyda dinamikasi turibdi. SQB misolida ko‘rsatkichlarda tebranishlar sezilayotgani turlicha talqin qilinmoqda. Aslida bu raqamlar ortida qanday jarayonlar yotibdi?

– To‘g‘ri ta’kidladingiz, moliyaviy bozorlar har doim raqamlarga e’tibor qaratadi. Biroq har qanday bank faoliyatiga baho berishda faqatgina joriy davrning sof foyda hajmiga qarab qolmaslik kerak, balki chuqur ketayotgan institutsional o‘zgarishlarga e’tibor qaratish lozim.

Bugun SQB shunchaki joriy daromad ortidan quvish davridan o‘tib, sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga – barqaror va xavfsiz o‘sish modeliga o‘tmoqda. Raqamlarga murojaat qilsak: so‘nggi uch yilda bankimiz aktivlari 1,4 baravarga, kapitali 1,5 baravarga, depozit bazasi esa 2,7 baravarga o‘sdi. 2026-yilning 9 oyi yakuniga ko‘ra aktivlarimiz 104 trln so‘mga, kapitalimiz 13 trln so‘mga, umumiy daromadlarimiz esa 51,7 foizga oshib, 20 trln so‘mga yetdi. Sof foydadagi vaqtincha tebranishlar esa asosan portfelni yanada sog‘lomlashtirish va kelajak uchun mustahkam zaxiralar yaratish jarayoni bilan bog‘liq.

– Aytib o‘tganingizdek, xatarlarni boshqarish va zaxiralar masalasi hozirgi kunda har qanday yirik bank uchun ustuvor vazifa. Bu borada qanday konservativ yondashuvlar qo‘llanilmoqda?

– Biz bugun ertangi kun xatarlarini oldindan ko‘ra bilish va ularga tayyor turish tamoyiliga amal qilmoqdamiz. Shuning uchun ham kredit portfelining ehtimoliy yo‘qotishlarga qarshi zaxiralar bilan qoplanish darajasini yil boshidagi 4,5 foizdan 5,4 foizga oshirdik. Bu – ataylab tanlangan profilaktik va ehtiyotkorona yondashuvdir. Shuningdek, muammoli aktivlar bilan tizimli ishlash uchun maxsus tashkil etilgan “SQB Asset Invest” sho‘ba korxonamiz ham balansni toza saqlashda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

– Resurs bazasidagi o‘zgarishlar va kreditlarning depozitlarga nisbati (LDR) bo‘yicha ham ijobiy o‘zgarishlar borligini ta’kidladingiz. Bu moliyaviy barqarorlikka qanday ta’sir qiladi?

– Albatta, bu eng asosiy ko‘rsatkichlardan biri. Ilgarilari qimmatbaho tashqi resurslarga ko‘proq bog‘liqlik bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib mustaqil depozit bazamizning keskin kengayishi evaziga LDR ko‘rsatkichimiz 414 foizdan 158 foizga yaxshilandi. Depozitlar hajmi 37,6 trln so‘mga yetgani bankimizning ichki resurslar hisobidan barqaror va arzonroq moliyalashtirish modeliga o‘tganidan dalolat beradi.

– Moliyaviy ko‘rsatkichlardan tashqari, bankda xalqaro standartlarni joriy etish va korporativ boshqaruv yo‘nalishida ham katta ishlar qilinmoqda. Bular bo‘yicha nimalarni aytib o‘ta olasiz?

– Institutsional mustahkamlik moliyaviy muvaffaqiyatning poydevoridir. Biz Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) va YTTB bilan hamkorlikda risk-menejment, g’aznachilik, korporativ boshqaruv kabi 20 dan ortiq yo‘nalishda ilg‘or xalqaro amaliyotlarni tatbiq etdik.

Misol uchun, bugungi kunda Bank Kuzatuv kengashining 11 nafar a’zosidan 8 nafari (qariyb 73 foizi) mustaqil a’zolardan iborat. Bu boshqaruvimizning ochiqligini va shaffofligini ta’minlaydi. Qolaversa, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ISO 37001:2016 xalqaro standartining joriy etilgani ichki muhitimiz qanchalik qat’iy talablar asosida qurilganini ko‘rsatadi.

– Xalqaro kapital bozorlari va kelgusidagi rejalarga to‘xtalsangiz. SQB o‘zining keyingi rivojlanish bosqichini qanday tasavvur qilmoqda?

– Biz ochiq bozor vositalaridan faol foydalanib kelmoqdamiz.

Xususan, 2025-yilda xalqaro bozorda 300 mln AQSh dollari miqdoridagi AT1 instrumentlarini muvaffaqiyatli joylashtirganimiz xalqaro investorlarning ishonchini ko‘rsatdi. Oktyabr oyida mahalliy birjada aksiyalarimiz narxi 50 so‘mgacha ko‘tarilgani ham bozor ishtirokchilarining uzoq muddatli kutilmalariga tayanadi.

Hozirgi kunda biz nufuzli xalqaro konsalting kompaniyasi – “Alvarez & Marsal” bilan birgalikda 2027–2029-yillarga mo‘ljallangan yangi Rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish jarayonidamiz. Asosiy maqsadimiz – tezkor va vaqtinchalik foyda ketidan quvish emas, balki bankning kapital sifatini yanada oshirish, mijozlarga eng ilg‘or raqamli xizmatlarni taqdim etish va uzoq muddatli raqobatbardoshlikni ta’minlashdir.





Boshqa yangiliklar

11/03/2026 09:45:54 am
Bilim, tajriba va imkoniyat: ayollar tadbirkorligi yölida

Ayollar tadbirkorligini rivojlantiriş, ularning biznes yuritiş böyiça bilim va könikmalarini mustahkamlaş iqtisod ...

11/02/2026 06:23:27 pm
“SQB School”da sun’iy intellekt va ma’lumotlarni boşqariş bõyiça trening õtkazildi

Joriy yil 30-oktabr kuni Õzsanoatqurilişbankning “SQB School” korporativ ta’lim markazida bank xodimlari uçun “Mol ...

10/30/2026 05:30:50 pm
SQBda korrupsiyaning oldini oliş va oçiqlikni taʼminlaş çoralari kuçaytirilmoqda

Özsanoatqurilişbankda 2026-yilning dastlabki töqqiz oyida korrupsiyaviy xavflarni ...


Oxirgi yangilanish sanasi: 04.11.2026 12:20  
up