Yangiliklar

Oʻzsanoatqurilishbankda “Ochiq eshiklar kuni” oʻtkazildi


07.12.2022

Oʻzsanoatqurilishbankda “Ochiq eshiklar kuni” oʻtkazildi

9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan Oʻzsanoatqurilishbank Bosh ofisida “Ochiq eshiklar kuni” boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Bank tomonidan joriy qilingan Korrupsiyaga qarshi menejment tizimi talablari doirasida olib borilgan ishlar boʻyicha maʼlumot berildi.

Mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishda ilgʻor xorijiy tajribalar keng qoʻllanilib, xalqaro standartlar joriy etildi. Tashkilotlarning bu boradagi ishlari samaradorligini oshirish maqsadida reyting baholash indikatorlari ishlab chiqildi.

Prezidentimiz tomonidan shu yil 12-yanvarda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror bu borada dasturamal boʻlmoqda.

Taʼkidlash joiz, Oʻzsanoatqurilishbank tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari xalqaro mezonlar asosida yoʻlga qoʻyildi. Natijada joriy yilning iyun oyida Bankka Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimining ISO 37001:2016 xalqaro standarti talablariga muvofiqlik sertifikati taqdim etildi.

“Ochiq eshiklar kuni” jamoatchilik oldida muassasa faoliyati ochiqligi, xususan, korrupsiyaga qarshi kurashishda amalga oshirilayotgan ishlarning hisobdorligini taʼminlash maqsadida tashkil etildi. Korrupsiyaga qarshi menejment tizimi talablari doirasida olib borilgan ishlar sarhisob qilindi.

– Korrupsiyaga qarshi menejment tizimining joriy etilgani bank faoliyatida xatarlar xavfini kamaytiradi, manfaatdor tomonlar (aksiyadorlar, hamkorlar, mijozlar, investorlar, qolaversa, jamoatchilik) oldida oshkoralik va ishonchlilikni taʼminlaydi, tashkilot va manfaatdor tomonlarni korrupsiyaning salbiy oqibatlaridan himoyalaydi, muassasaning ushbu yoʻnalishda amaldagi qonunlarga muvofiq ishlayotganini namoyon etadi, – deydi “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB Komplayens-nazorat departamenti boshqarma boshligʻi Shavkat Nizametdinov. – Shu bois joriy yilda ushbu tizimi qayta koʻrib chiqilib, ISO 37001 xalqaro standarti hamda qonunchilik talablariga muvofiqlashtirildi, 20 ta ichki meyoriy hujjat ishlab chiqildi, korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi tuzilib, tizim boʻyicha ichki audit oʻtkazildi.

Bundan tashqari, Bosh bank va hududiy tarmoqlardan 3700 dan ziyod xodimlar korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi, xizmat vazifalarini bajarishda yuzaga keladigan korrupsiyaga oid xavf-xatarlar hamda ularni baholash tizimi boʻyicha oʻqitildi, 816 nafari test sinovlaridan oʻtkazildi. Xalqaro standart talablari asosida tahsil olgan 92 nafar rahbar xodimga korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi menejeri maqomini beruvchi sertifikat taqdim etildi.

Tadbirda ishtirokchilar Bank tizimida korrupsiyaga oid murojaatlar bilan ishlash, xizmat tekshiruvlarini oʻtkazish, arizalar reyestrini yuritish mexanizmlari bilan tanishtirildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi masʼullari tomonidan hamkorlikdagi ishlarga bagʻishlangan taqdimot namoyish etilib, unda Oʻzsanoatqurilishbank tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, odob-ahloq kodeksi, manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish toʻgʻrisida nizom, aloqa kanallari orqali korrupsiyaviy xatti-harakatlar toʻgʻrisida reglament, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uslubiyoti kabi ichki meyoriy hujjatlar puxta ishlab chiqilganligi alohida taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, tijorat banklari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokidagi “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri savol-javoblarga boy tarzda oʻtdi.

Bank Axborot xizmati





Boshqa yangiliklar

04/18/2024 05:59:48 pm
O‘zsanoatqurilishbank O‘zbekiston bazalt mahsulotlarini dunyoga tanitishda faol ishtirok etmoqda

          Forish tumanidagi “Basalt Uzbekistan” klasteri mamlakatimiz og‘ir sanoati qu ...

04/17/2024 03:17:48 pm
“Fitch Ratings” O‘zsanoatqurilishbank reytingini tasdiqladi: istiqboli “Barqaror”

Xalqaro yetakchi reyting kompaniyalardan biri – “Fitch Ratings” O‘zsanoatqurilishbank kredit reytingi mamlakatning “BB-” ...

04/13/2024 04:54:15 pm
Beqasam, atlas, adras - hech qachon urfdan qolmas!

O’zsanoatqurilishbankda an’anaviy “Milliy liboslar” chellenji o’tkazildi.  Chellenj shartlariga ko’ra, ...


Oxirgi yangilanish sanasi: 07.12.2022 15:39  
up