Yangiliklar

Maqsad – uy-joyga ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash


11.01.2023

Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan aholiga birlamchi va ikkilamchi bozordan uy-joy sotib olish, shuningdek, yashash joyini taʼmirlash uchun yangi shartlarda ipoteka krediti taklif etilmoqda.

Hoʻsh, bu qanday kredit? Kimlarga beriladi? Mazkur savollarga javob olish uchun “Oʻzsanotaqurilishbank” ATB Ipoteka kreditlarini rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Shahzod Haitovga murojaat qildik.

– Ushbu turdagi kredit 18 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan fuqarolarga birlamchi yoki ikkilamchi bozordan xonadon (kvartira) yoki uy (hovli) xarid qilish, shuningdek, yashash joyini taʼmirlash maqsadida ajratiladi (uyni qayta qurish bundan mustasno).

Uy-joy xarid qilish uchun kredit 400 000 000 (toʻrt yuz million) soʻmgacha boʻlgan miqdorda 20-yil muddatgacha ajratiladi. Bunda boshlangʻich badal 25 foizdan kam boʻlmagan miqdorda, yillik ustama 18 foiz stavkada belgilangan.

Uyni taʼmirlash uchun olinadigan kreditga esa, boshlangʻich badal talab qilinmaydi. Faqat garov taʼminoti qoʻyilishi zarur.

Bunday kredit yillik 17 foiz stavkada, 80 000 000 (sakson million) soʻmgacha boʻlgan miqdorda 10-yil muddatgacha beriladi.

Kredit uchun qarz oluvchi smeta hujjatlarini va ish rejasini taqdim etishi lozim. Bank ixtiyoriga koʻra boshqa hujjatlar ham talab etilishi koʻzda tutilgan.

Ipoteka kreditlarini qaytirish annuitet usulida, yaʼni har oy uchun bir xil miqdorda amalga oshiriladi. Bunda, kredit toʻlovida imtiyozli davr koʻzda tutilmagan.

Shuningdek, ushbu ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badal va foizlarning bir qismini qoplash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga subsidiyalar toʻlanishi belgilanmagan.

Kredit boʻyicha arizalar bankning istalgan tarmogʻida qabul qilinib, u 5 (besh) bank ish kunida koʻrib chiqiladi.

Kreditni oluvchi shaxs uchun yana bir muhim talab – bu uning doimiy daromad manbaiga ega boʻlishidir. Kreditning oylik toʻlovi uchun qarz oluvchi umumiy daromadining 50 foiziga yetarli boʻlishi zarur. Masalan, oylik daromadi oʻrtacha 6 million soʻm boʻlgan qarz oluvchi (birgalikda qarz oluvchi) bir oylik toʻlovi 3 million soʻmga toʻgʻri keladigan miqdorda ipoteka kreditini olishi mumkin.

Oʻz navbatida, qarz oluvchi va birgalikda qarz oluvchilar umumiy sof oylik daromadining maksimal miqdori boʻyicha ham chegara oʻrnatilgan (15 million soʻmdan oshmasligi kerak). Bunda koʻproq uy-joy va yashash sharoitini yaxshilashga ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadi koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, ipoteka krediti oluvchining nomida boshqa shu turdagi kredit boʻlmasligi ham muhim shart sanaladi.

Ipoteka krediti sotuvchi jismoniy shaxs boʻlgan taqdirda uning bank kartasiga, yuridik shaxs (pudratchi) boʻlganda esa, uning bank hisob varagʻiga oʻtkazib beriladi.

Birlamchi bozordan sotib olinayotgan uy qiymatini baholash tartibi tijorat banklari tomonidan mustaqil belgilanadi.

Lekin, ikkilamchi bozordan sotib olinayotgan mulk uchun bozor bahosi maxsus litsenziyaga ega boʻlgan mustaqil baholovchi tashkilot tomonidan aniqlanishi va ushbu qiymatning haqqoniyligi bank tomonidan tasdiqlanishi zarur.

Kredit ajratishda hududlar boʻyicha cheklovlar oʻrnatilmagan. Lekin, sotib olinayotgan uy-joy qarz oluvchining asosiy yashash joyi boʻlishi va tadbirkorlik maqsadida foydalanmasligi lozim.

 

Bank Axborot xizmati tomonidan tayyorlandi.

 





Boshqa yangiliklar

04/17/2024 03:17:48 pm
“Fitch Ratings” O‘zsanoatqurilishbank reytingini tasdiqladi: istiqboli “Barqaror”

Xalqaro yetakchi reyting kompaniyalardan biri – “Fitch Ratings” O‘zsanoatqurilishbank kredit reytingi mamlakatning “BB-” ...

04/13/2024 04:54:15 pm
Beqasam, atlas, adras - hech qachon urfdan qolmas!

O’zsanoatqurilishbankda an’anaviy “Milliy liboslar” chellenji o’tkazildi.  Chellenj shartlariga ko’ra, ...


Oxirgi yangilanish sanasi: 11.01.2023 18:07  
up