Xiva shahrida, ochiq osmon ostidagi muzey nomini olgan tarixiy Ichan qal’a yaqinida faoliyat yuritayotgan “Sofra” restoran-mehmonxonasi – tadbirkorlik tashabbusi, moliyaviy ko‘mak va inson salohiyatiga bildirilgan ishonch uyg‘unligining amaliy natijasi. Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotidan boshlangan ushbu loyiha bugun nafaqat mehmonlarga yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatayotgan maskan, balki yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochayotgan biznesga ham aylandi.
Olloshukur Rustamov tashabbusi bilan O‘zsanoatqurilishbank moliyaviy ko‘magida yo‘lga qo‘yilgan majmua qariyb 200 ta ish o‘rni yaratib, ayniqsa, kam ta’minlangan oilalar farzandlari hamda xorijdan qaytgan yoshlarning bandligini ta’minlashga hissa qo‘shmoqda. Bu yerda ular kasb o‘rganish, xorijiy tillarni egallash va xizmat ko‘rsatish sohasida tajriba orttirish jarayonida o‘z kelajagiga ishonch bilan qaray boshlashdi.
Biz “Sofra” misolida tadbirkorlikning iqtisodiy samarasi ortida inson taqdiri, yoshlar salohiyati va hudud rivojiga daxldor qanday maqsadlar mujassam ekani haqidagi savollarimizga loyiha tashabbuskori, “Sofra” brendi asoschisi Olloshukur Rustamovdan javob oldik:
– “Sofra” restoran-mehmonxona majmuasini tashkil etish g‘oyasi qanday paydo bo‘lgan? Loyihani amalga oshirishda qanday imkoniyat va ko‘maklar muhim rol o‘ynadi?
– Xiva tarixiy merosi, betakror me’morchiligi va sayyohlik salohiyati bilan ajralib turadigan shaharlardan biri. Bu yerga kelayotgan sayyohlar soni ortib borayotgani hududda zamonaviy infratuzilma va sifatli xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojni ham oshirmoqda. “Sofra” loyihasini amalga oshirishda aynan shu ehtiyojdan kelib chiqdik. Maqsadimiz – tarixiy muhitga mos, zamonaviy qulayliklarga ega va mehmonlarga yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatadigan majmua tashkil etish edi.
Loyiha g‘oyasi bundan bir yil avval Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida bildirilgan taklifdan boshlandi. Bildirilgan tashabbusimizga e’tibor qaratildi. Yosh tadbirkorni qo‘llab-quvvatlaydigan imkoniyatlar va O‘zsanoatqurilishbankning moliyaviy ko‘magi rejalarimizni amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Bugungi kunda majmua tarkibida 90 o‘rinli premium darajadagi mehmonxona va bir vaqtning o‘zida 400 nafar mehmonni qabul qilish imkoniyatiga ega restoran faoliyat yuritmoqda. Bu natija biz uchun katta mas’uliyat ham yuklaydi. Endi asosiy vazifamiz – xizmatlar sifatini muntazam oshirib, mehmonlar ishonchini oqlash.
– “Sofra” faoliyatining hudud aholisi, ayniqsa, yoshlar uchun qanday ahamiyati bor? Ish o‘rinlarini yaratishda qaysi jihatlarga e’tibor qaratildi?
– Biz uchun loyihaning muvaffaqiyati nafaqat yaratilgan infratuzilma, balki insonlar hayotida yuzaga kelayotgan ijobiy o‘zgarishlar bilan ham o‘lchanadi. Shu sababli majmua faoliyatini yo‘lga qo‘yishda mahalliy aholi bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratdik. Bugungi kunda loyiha doirasida 200 ga yaqin ish o‘rni yaratilgan.
Ishga qabul qilish jarayonida kam ta’minlangan oilalar farzandlari va xorijdan ish izlab qaytgan yoshlarga ham imkoniyat berishga intildik. Biz yoshlar shunchaki ish bilan ta’minlanib qolmasdan, yangi kasb o‘rganishi, tajriba orttirishi va kelajakda mustaqil faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitga ega bo‘lishini istaymiz.
Restoran-mehmonxona faoliyati yoshlar uchun xizmat ko‘rsatish madaniyatini o‘rganish, xorijiy tillarni rivojlantirish va jamoa bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish imkonini beradi. Masalan, ilgari xorijda qurilish sohasida ishlagan yoshlarimizdan biri bugun “Sofra 2” loyihasida ish boshqaruvchi sifatida faoliyat yuritmoqda. U kelajakda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan. Bunday intilishlarni qo‘llab-quvvatlashni muhim deb bilamiz.
Bizning qadriyatimiz – mehmonlarga sifatli xizmat ko‘rsatish bilan birga, inson salohiyatini rivojlantirish, yoshlarga ishonch bildirish va ular uchun yangi imkoniyatlar yaratishdir. Chunki hudud rivoji ham, biznesning barqarorligi ham insonlar bilan chambarchas bog‘liq.
– Kelgusida “Sofra”ni qanday rivojlantirishni rejalashtirgansiz? Xususan, sayyohlik xizmatlarini kengaytirish bo‘yicha qanday tashabbuslar bor?
– Kelgusidagi asosiy rejalarimizdan biri – “Sofra-tur” loyihasini tashkil etish. Biz xorijiy sayyohlar uchun O‘zbekiston bilan tanishishni osonlashtiradigan, qulay va yaxlit sayyohlik xizmatini yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Maqsadimiz shu-ki, sayyoh o‘z yurtidan yo‘lga chiqishidan boshlab, O‘zbekistonga yetib kelishi, kutib olinishi, joylashtirilishi, tarixiy obidalarni tomosha qilishi, milliy taomlarimizni tatib ko‘rishi va yurtimiz tarixi hamda madaniyati bilan yaqindan tanishishigacha bo‘lgan jarayonlar yagona tur dasturida qamrab olinsin. Safar yakunida uning ortga qaytishi uchun ham barcha zarur tashkiliy masalalar oldindan rejalashtiriladi. Ya’ni mehmon turli xizmatlarni alohida izlab yurmasdan, butun safar davomida qulay va puxta tashkil etilgan xizmatdan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Bu tashabbus orqali Xivaning tarixiy va madaniy merosini kengroq targ‘ib qilish, xorijiy sayyohlarga milliy qadriyatlarimizni namoyon etish hamda hududning turistik jozibadorligini oshirishni ko‘zlayapmiz. Shu bilan birga, yangi xizmat yo‘nalishlari qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish va mahalliy tadbirkorlar bilan hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi. Biz “Sofra”ni shunchaki restoran-mehmonxona majmuasi sifatida emas, balki Xivaning mehmondo‘stligi, tarixi va madaniyatini namoyon etadigan maskan sifatida rivojlantirishni istaymiz. Kelgusida xizmatlar ko‘lamini kengaytirib, sayyohlar O‘zbekistondan yaxshi taassurotlar bilan qaytishiga hissa qo‘shish – eng muhim maqsadlarimizdan biri.
“O‘zsanoatqurilishbank” ATB
Tashqi aloqalarni muvofiqlashtirish xizmati.
Hurmatli mijozlar! Joriy yil 15-oktyabr kuni soat 03:00 dan 13:00 ga qadar O‘zsanoatqurilishbank (SQB)ning ...
Toshkent viloyatida O‘zsanoatqurilishbank mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan sayyor qabulda fuqaro B.M. o‘z bizne ...
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zsanoatqurilishbank (SQB)ning ish haqi loyihalari doirasida chiqar ...

