“O‘zsanoatqurilishbank” ATB “SQB Plus” obunasi bo‘yicha rasmiy munosabat
26.09.2026 09:41 “SQB Plus” obunasi bo‘yicha rasmiy munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda “SQB Plus” xizmatlar paketi uchun bank kartalaridan 35 ming so‘m yechilayotgani yuzasidan bildirilayotgan fikrlar munosabati bilan quyidagilarni ma’lum qilamiz:
Avvalo, 35 ming so‘m mablag‘ “SQB Mobile” ilovasidan foydalanganlik uchun emas. Bu – “SQB Plus” xizmatlar paketining 30 kunlik obuna to‘lovi. Amaldagi tarifga ko‘ra, paket narxi 30 kun uchun 35 ming so‘mni tashkil etadi.
“SQB Plus” mijozning roziligi asosida faollashtiriladi. Buning uchun mijoz “SQB Mobile” ilovasida paket shartlari va imkoniyatlari bilan tanishadi, ommaviy oferta shartlarini qabul qiladi va xizmatga ulanishni tasdiqlaydi. Ofertaga ko‘ra, mijoz tegishli tasdiqlash tugmasini bosib, belgilangan harakatlarni amalga oshirganidan so‘ng shartlar qabul qilingan hisoblanadi.
2026-yil 25-avgustdan 15-sentabrga qadar “SQB Plus”ga avval ulanmagan mijozlar uchun maxsus aksiya amal qilgan. Uning doirasida paketdan 20 kun davomida bepul foydalanish imkoniyati berilgan. Aksiya shartlarida bepul davr tugagach, obuna har 30 kun uchun 35 ming so‘m evaziga avtomatik uzaytirilishi ko‘rsatilgan.
Ommaviy oferta shartlariga muvofiq, obuna muddati yakunlangach, uni navbatdagi davrga uzaytirish uchun 35 ming so‘mlik to‘lov mijoz nomiga rasmiylashtirilgan bank kartasidan yechiladi va obuna avtomatik ravishda uzaytiriladi.
“SQB Plus” paketi doirasida boshqa banklar tomonidan emissiya qilingan xalqaro kartalarga o‘tkazmalar bundan mustasno, 10 mln so‘mgacha kartadan kartaga pul o‘tkazmalari komissiyasiz amalga oshiriladi. Shuningdek, tovar va xizmatlar uchun oshirilgan keshbek, xarajat va daromadlarni avtomatik toifalash hamda oylik tranzaksiyalar hisobotini yuklab olish kabi qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim etiladi.
“SQB Plus” xizmatidan foydalanishni davom ettirishni istamagan mijoz obunani “SQB Mobile” ilovasining “SQB Plus” bo‘limi orqali mustaqil ravishda bekor qilishi mumkin.
O‘zsanoatqurilishbank faoliyatida mijozlar uchun har tomonlama qulay shart-sharoitlarni ta’minlash ustuvor ahamiyat kasb etadi. Shu bois bank xizmatlari va mahsulotlaridan foydalanish shartlari ommaviy ofertada aniq va tushunarli tarzda bayon etiladi.
Bank tashqi aloqalarni muvofiqlashtirish xizmati

79
Boshqa yangiliklar
09/21/2026 10:38:39 am
SQB xodimlari Xalqaro tozalik kunida
“O‘zsanoatqurilishbank” ATB xodimlari Xalqaro tozalik kuniga bag‘ishlangan ekologiya va sport tadbirlarida faol ishtirok ...