“Moody’s” xalqaro reyting agentligi O‘zsanoatqurilishbank kredit reytingini oshirdi
01.07.2026 19:01
Joriy yilning iyun oyida “Moody’s Ratings” xalqaro reyting agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingi oshirilishi ortidan “O‘zsanoatqurilishbank” ATB (SQB)ning uzoq muddatli kredit reytingi Ba2 darajasiga ko‘tarilib, istiqboli “barqaror” deb baholandi.
Mazkur reyting mamlakatimizda bank-moliya tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi, sohaga davlat tomonidan qaratilayotgan e’tibor, bankda olib borilayotgan transformatsiya jarayonlari, strategik loyihalarni moliyalashtirishdagi faol ishtiroki hamda xalqaro kapital bozorlaridagi muvaffaqiyatli operatsiyalari yuksak baholanayotganining yana bir amaliy tasdig‘i bo‘ldi.
Shuningdek, agentlik tahlilchilari bankning mamlakat bank tizimidagi barqaror o‘rni, qarz qimmatli qog‘ozlari bozoridagi faoliyati hamda ESG yo‘nalishida amalga oshirayotgan tashabbuslarini alohida e’tirof etdi.
2025-yil yakunlari bo‘yicha moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga ko‘ra, bank quyidagi natijalarga erishdi:
• sof foyda 128,4 mln AQSh dollarini tashkil etib, 38 foizga o‘sdi;
• jami aktivlar 8,1 mlrd AQSh dollariga yetib, 15 foizga ko‘paydi;
• kapital rentabelligi (ROE) 15,7 foizni tashkil etib, 3,2 foiz bandiga oshdi;
• yashil kredit portfeli 654,3 mln AQSh dollariga yetib, 17 foizga o‘sdi.
Bundan tashqari, bank aksiyalarining 40 foizi “Franklin Templeton” xalqaro investitsiya kompaniyasining ishonchli boshqaruvidagi O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasiga o‘tkazilgani hamda joriy yil may oyida Jamg‘arma aksiyalarining London fond birjasidagi birlamchi ommaviy joylashtirilishi (IPO) muvaffaqiyatli amalga oshirilgani “Moody’s” ekspertlari tomonidan ijobiy baholandi.
Bank reytingining oshirilishi xalqaro investorlar ishonchi yana-da mustahkamlanganidan dalolat beradi. Bu esa xalqaro kapital bozorlarida bank mavqeini kuchaytirish, tashqi moliyaviy resurslarni yana-da qulay shartlarda jalb etish hamda mahalliy tadbirkorlik subyektlarini moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

69
Boshqa yangiliklar