Nukusdagi “Startap va investorlar kuni” yangi g‘oyalar va istiqbollar maydoniga aylandi
19.06.2025 01:58
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida O‘zsanoatqurilishbank tashabbusi bilan “Startap va investorlar kuni” tadbiri o‘tkazildi. Unda mahalliy va xorijiy venchur fondlar, akseleratorlar, investorlar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda faol yoshlardan iborat 150 ga yaqin ishtirokchi qatnashdi.
Bugungi kunda startaplar va investorlarni bir platformada birlashtirish g‘oyasi global iqtisodiyotda o‘zini oqlayotgan samarali yondashuvlardan biri hisoblanadi. Prezidentimizning 2024 yil 20 dekabrdagi PF–223-sonli farmonida belgilangan ustuvor vazifalar, xususan, hududlarda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, aholi bandligini oshirish va mutasaddi tashkilotlar mas’uliyatini kuchaytirish – mazkur forum orqali amalda o‘z ifodasini topdi.
“Startap va investorlar kuni” istiqbolli, innovatsion va raqobatbardosh loyihalarni aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash va hayotga tatbiq etish uchun qulay maydon bo‘lib xizmat qildi. Shu bilan birga, tadbir “SQB Ventures” investitsiya kompaniyasi faoliyati doirasidagi ilk amaliy qadamlaridan biri sifatida ham alohida ahamiyat kasb etdi.

Tadbirkorlik ekotizimiga daxldor yetakchi mahalliy va xorijiy kompaniyalar – “Aloqa Ventures”, “UC Ventures”, “Startup Garage”, “UzVC”, “Sturgeon Capital” (Buyuk Britaniya), “IT Park Ventures”, “Plug and Play” (AQSH) hamda Nukus va Toshkent shahridagi startap loyihalar egalari ham ishtirok etdi.
Forum doirasida yosh tadbirkorlar o‘z startap g‘oyalari taqdimotini o‘tkazdi, ularni investorlar fikr-mulohazalari asosida takomillashtirishga kirishdi.
Startap yo‘nalishida tajribaga ega mutaxassislar ishtirokida ochiq muloqotlar, investitsiya jalb etish bo‘yicha ishonchli strategiyalar muhokamalari hamda minimal foydali mahsulot (MVP) yaratishga bag‘ishlangan mahorat darslari tashkil etildi.
Pitch-sessiyalari munozarali, savol-javoblarga boy o‘tdi, ishtirokchilar mutaxassislardan amaliy tavsiyalar oldi. Norasmiy muloqotlar (“netvorking”) chog‘ida o‘zaro tajriba almashib, istiqbolli hamkorlik o‘rnatish imkoniga ega bo‘ldi.
Shu bilan birga, O‘zsanoatqurilishbank tomonidan hududiy iqtisodiy salohiyatni oshirish, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash va innovatsion yo‘nalishlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Bunda bankning ekologik barqarorlik va raqamli texnologiyalarga asoslangan investitsiya siyosati ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Forum doirasida rasmiy ravishda akseleratsiya dasturiga start berildi.
Tadbir yakunida esa, ishtirokchilar fikr-mulohazalari asosida qator takliflar ishlab chiqildi. Xususan, bu kabi tadbirlarni mamlakatning boshqa hududlarida ham tashkil etish, akseleratorlar va venchur fondlar bilan hamkorlikni chuqurlashtirish, Nukus yoshlari uchun yangi startap dasturlarini ishlab chiqish va manzilli qo‘llab-quvvatlash, davriy uchrashuvlar va monitoring tizimini joriy etish orqali ushbu munosabatlar samaradorligini oshirish ko‘zda tutildi.
Umuman, “Startap va investorlar kuni” nafaqat Qoraqalpog‘istonda, balki barcha hududlarda innovatsion muhitni rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Bank axborot xizmati

388
Boshqa yangiliklar
07/18/2025 03:37:41 pm
Juma – milliy liboslar kuni!
O‘zsanoatqurilishbankda milliy ruh, milliy uslub va asrlardan meros bo‘lgan an’analarga bo‘lgan chuqur ehtirom har bir j ...