Joriy yilning 17-avgust kuni O‘zsanoatqurilishbank tomonidan aholi murojaatlari bilan ishlash sohasida 2026-yil birinchi yarim yilligida olib borilgan ishlarga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.
Mamlakatimizda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash davlat idoralari va tashkilotlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Prezidentimizning 2026-yil 1-apreldagi “Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan murojaatlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish ustidan nazoratni takomillashtirish, ularda ko‘tarilayotgan tizimli muammolarni aniqlash va hal etishga qaratilgan yangi mexanizmlar belgilandi.
Shuningdek, hujjatga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlarning axborot xizmatlariga Xalq qabulxonalari bilan hamkorlikda hududlarda murojaatlar bilan ishlash holatini yoritib borish, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda murojaatlarning ko‘rib chiqilishi bo‘yicha bildirilayotgan e’tirozlarni o‘rganish vazifasi yuklatilgan.
Shu maqsadda O‘zsanoatqurilishbank tomonidan tashkil etilgan brifingda hisobot davrida muassasa faoliyatida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash natijalari haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, hisobot davrida bankka jismoniy va yuridik shaxslardan jami 1 690 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, ularda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan tegishli choralar ko‘rilgan. Zarur hollarda fuqarolar va tadbirkorlarga amaldagi qonunchilik asosida tushuntirishlar berilgan, qanoatlantirilmagan talablar bo‘yicha esa huquqiy asoslar bayon etilgan.
Hududlar kesimida eng ko‘p murojaat Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi. Poytaxtdan 438 ta murojaat kelib tushdi. Toshkent viloyatida bu ko‘rsatkich jami murojaatlarning 8,3 foizini, Qashqadaryo viloyatida esa 8,2 foizni tashkil etdi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan murojaatlar sonidagi sezilarli o‘sish Jizzax, Samarqand va Xorazm viloyatlarida ham qayd etildi.
Murojaatlarni qabul qilish manbalariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ularning 616 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari orqali kelib tushgan. Shuningdek, 488 ta murojaat og‘zaki, 331 tasi yozma shaklda, 170 tasi esa bankning rasmiy sayti orqali qabul qilingan.
Brifingda Farmon talabi asosida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda murojaatlarning ko‘rib chiqilishi bo‘yicha bildirilayotgan e’tirozlar ham o‘rganib borilayotgani ma’lum qilindi. Bu borada yil boshidan buyon aniqlangan holatlar tegishli tuzilmalar bilan birgalikda ko‘rib chiqilib, ular yuzasidan ko‘rilgan choralar jamoatchilikka rasmiy munosabat tarzida taqdim etildi.
– Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan Farmonning asosiy mohiyati murojaatni shunchaki ro‘yxatga olish emas, balki takrorlanayotgan tizimli muammolarni aniqlab, ularning yechimigacha borishga qaratilgan, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruvi raisi o‘rinbosari v.v.b Abdulaziz Majidov. – Tizim doirasida joylarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullarga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilning 1-iyul holatiga ko‘ra, Bank rahbariyati tomonidan hududlarda 50 dan ortiq sayyor qabullar tashkil etildi. Ularda 160dan ziyod murojaatchilarning masalasi joyida ko‘rib chiqilib, ijobiy hal etildi.
Brifingda bank tizimida murojaatlar bilan ishlash holati, ularning o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqilishi doimiy nazorat qilib borilayotgani ta’kidlandi. Jumladan, murojaatlarni hal etish darajasi past bo‘lgan tuzilmalarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan murojaatlar soni ortgan hududlar va yo‘nalishlar rahbarlariga ogohlantirishlar berilgani aytib o‘tildi.
– Farmonda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, murojaatlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish bilan birga, ularda ko‘tarilayotgan tizimli masalalarni aniqlash va hal etishga doimiy e’tibor qaratiladi, – deydi A. Majidov. – Shuningdek, takroriy murojaatlarning oldini olish, hududlarda sayyor qabullarni muntazam o‘tkazish hamda murojaatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqishda raqamli kanallardan kengroq foydalanish bo‘yicha ishlar izchil davom ettiriladi.
“O‘zsanoatqurilishbank” ATB
Tashqi aloqalarni muvofiqlashtirish xizmati
“Oʻzsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruvi tashabbusi bilan joriy yilning 20-avgust kuni Andi ...
Har juma O‘zsanoatqurilishbankda “Milliy liboslar kuni” sifatida o‘tkaziladi. Milliy liboslarimizda ...
Hurmatli fuqarolar va tadbirkorlar! O‘zsanoatqurilishbankka ariza, taklif va shikoyatlaringizni og‘zaki, yo ...

