Firibgarlar texnologiyalar, psixologik bosim va odamlarning ishonchidan foydalanib, aldash usullarini doimiy ravishda takomillashtirib boradilar. Quyida eng ko‘p uchraydigan sxemalar va himoyalanish choralari keltirilgan.
“Bankdan” yoki “davlat organidan” qo‘ng‘iroq
Qanday sodir bo‘ladi:
Sizga noma’lum shaxs qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini bank xodimi, xavfsizlik xizmati, Markaziy bank, ichki ishlar organlari yoki tergov organi xodimi sifatida tanishtiradi. U quyidagilarni aytishi mumkin:
— kartangiz bo‘yicha shubhali operatsiyalar amalga oshirilmoqda;
— nomingizga kredit rasmiylashtirilmoqda;
— pul mablag‘larini zudlik bilan “xavfsiz hisob”ga o‘tkazish kerak.
Bilish muhim:
Bank hech qachon telefon orqali PIN-kod, CVV-kod va SMS tasdiqlash kodlarini so‘ramaydi, shuningdek pul mablag‘larini o‘tkazishni talab qilmaydi.
“Himoya ilovasini o‘rnating”
Qanday sodir bo‘ladi:
Siz bilan o‘zini bank xodimi, “xavfsizlik xizmati”, “texnik qo‘llab-quvvatlash” yoki “mablag‘larni qaytarish bo‘yicha mutaxassis” deb tanishtirgan shaxslar bog‘lanadi. Ular go‘yoki pul mablag‘larini himoya qilish uchun fayl yoki ilova o‘rnatishni so‘raydi. Ilova o‘rnatilgandan so‘ng firibgarlar telefon, SMS-xabarlar va bank operatsiyalariga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Muhim:
Bank uchinchi tomon ilovalarini o‘rnatishni talab qilmaydi.
Soxta saytlar va xabarlar
Qanday ko‘rinadi:
Siz SMS, elektron pochta yoki messenjer orqali “Karta bloklandi”, “To‘lovni oling”, “Operatsiyani tasdiqlang”, “Jarima”, “Soliq”, “Posilka” kabi mazmundagi xabar olasiz. Havola tashqi ko‘rinishidan rasmiy saytga o‘xshash sahifaga olib boradi.
Saytni qanday tekshirish mumkin:
— manzil https bilan boshlanishi kerak;
— manzilda ortiqcha harf va belgilar bo‘lmasligi lozim (masalan, sqb-uz.site o‘rniga sqb.uz);
— xabardagi havola orqali o‘tmasdan, bank saytining manzilini qo‘lda kiriting.
Tanishlarning akkauntlari buzilishi
Qanday sodir bo‘ladi:
Telegram, Instagram yoki boshqa messenjerda tanishingizdan “Zudlik bilan qarz ber”, “Pul o‘tkaz”, “Yordam kerak” degan xabar keladi. Aslida uning akkaunti buzilgan bo‘ladi.
Nima qilish kerak:
Ushbu shaxs bilan telefon orqali bevosita bog‘laning. Agar u sizga murojaat qilmagan bo‘lsa, bu firibgarlikdir.
Soxta onlayn savdo va investitsiyalar
Qayerda uchraydi:
Ijtimoiy tarmoqlar, e’lon saytlar, messenjerlar, telefon qo‘ng‘iroqlari.
Qanday ko‘rinadi:
— mahsulot narxi bozor bahosidan ancha arzon;
— “kafolatlangan daromad”;
— “maxfiy investitsiya”;
— tez daromad topish takliflari.
Sxema mohiyati:
Oldindan to‘lov talab qilinadi, so‘ng aloqa uziladi.
Drop kartalar
Kim taklif qiladi:
Noma’lum shaxslar, internetdagi e’lonlar, “qo‘shimcha ish” yoki “oson daromad” takliflari.
Nima taklif qilinadi:
Bank kartasini o‘z nomingizga rasmiylashtirib, uni operatsiyalar uchun pul evaziga topshirish.
Xavfi nimada:
Karta noqonuniy sxemalarda ishlatiladi, operatsiyalar uchun javobgarlik esa karta egasiga yuklatiladi.
Agar firibgarlik qurboni bo‘lsangiz
— darhol kartani bloklang;
— zudlik bilan bankka 1180 raqami orqali murojaat qiling;
— huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qiling.
Asosiy xavfsizlik qoidasi
Agar sizni shoshiltirishsa, qo‘rqitishsa yoki pul bilan bog‘liq harakatlarni zudlik bilan bajarishni talab qilishsa, bu odatda firibgarlik belgilaridir.



