Joriy yilning 19-22-may kunlari Jazoyir Respublikasining Jazoyir shahrida Islom taraqqiyot banki (ITB) guruhi tomonidan tashkil etilgan yillik yig‘ilish doirasida O‘zsanoatqurilishbank “Savdoni moliyalashtirish bo‘yicha yil bitimi” mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Bankka ushbu mukofot Xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyasi (XISMK) bilan imzolangan kelishuv doirasida savdo amaliyotini samarali amalga oshirganligi uchun taqdim etilib, O‘zsanoatqurilishbank XISMKga a’zo bo‘lgan 57 ta mamlakat banklari va moliya tashkilotlari orasida eng munosibi deb topildi.
Kelishuvga ko‘ra, O‘zsanoatqurilishbank orqali O‘zbekistondagi kichik va o‘rta biznes subyektlarining xalqaro hamda mahalliy savdo operatsiyalari “Murobaha” shartnoma doirasida islomiy moliya tamoyillari asosida moliyalashtirildi.
Ta’kidlash joiz, Bank ushbu korporatsiya bilan hamkorlik qilish orqali sanoatdagi istiqbolli loyihalarni faol qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik muhitini rivojlantirish va mijozlarga xalqaro standartlar darajasida shart-sharoitlar yaratishni maqsad qilgan.
Bank tomonidan ushbu liniya mablag‘lari sanoat, savdo va xizmatlar, to‘qimachilik sektorlaridagi loyihalarga oziq-ovqat, farmatsevtika, asbob-uskunalar, energiya tejamkor bo‘lgan mahsulotlarni xarid qilish uchun yo‘naltirilgan.
Mazkur mukofot bank faoliyati va uning xalqaro moliya maydonidagi nufuziga berilgan e’tirofni yana bir bor namoyon etdi.
Ma’lumot uchun:XISMK ITB tarkibida 2008-yilda tashkil etilgan bo‘lib, energetika, qishloq xo‘jaligi hamda kichik va o‘rta korxonalarni qo‘llab-quvvatlash kabi sohalarga 69 mlrd. dollar miqdorida resurs ajratib kelmoqda.
O‘zbekistonda XISMK tomonidan kadrlarning islom tamoyillariga asoslangan bilimlarini oshirish maqsadida o‘quv dasturlari tashkil etib borilmoqda.
Bank axborot xizmati

