Yangiliklar

SQB brendining indikativ qiymati 172,5 million AQSH dollariga baholandi


18.05.2026 18:13

SQB brendining indikativ qiymati 172,5 million AQSH dollariga baholandi

2026-yilda «Brand’26 Awards International» reytingi O‘zbekiston moliya bozorini aniq mezonlar asosida baholab chiqdi: bunda SQB brendining indikativ qiymati 172 500 000 AQSH dollariga baholandi.

Shuningdek, mazkur reyting doirasida bank quyidagi uchta nominatsiya bo‘yicha alohida e’tirof etildi:
– biznes jarayonlarini raqamli transformatsiya qilish va zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etishdagi yondashuvi;
– xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda xalqaro kapital bozorlaridagi faol strategiyasi;
– brendning barqaror rivojlanishi va bozordagi o‘sish sur’atlari.

Ushbu raqam ortida aniq voqeliklar turibdi: bankning yillar davomida to‘plagan ishonchi, amalga oshirgan islohotlari va mijozlar oldidagi majburiyatlarining xolis ifodasidir.

Brend qiymati – bu birgina marketing ko‘rsatkichi emas, balki bozorning bankka bo‘lgan munosabatini aks ettiruvchi yaxlit bahodir. U ishonch, barqarorlik, mijozlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, xizmat sifati va aniq strategik yo‘nalishlarning birlashgan natijasidir.

Tuzilma islohoti: mijoz diqqat markazida

Bank so‘nggi yillarda xizmat ko‘rsatish tizimini tubdan qayta barpo etdi. Xalqaro tashkilotlar tavsiyalari asosida mijozlar besh segmentga ajratildi: chakana, premium, mikro va kichik, o‘rta hamda korporativ bizneslar. Har bir yo‘nalishga mustaqil tuzilma, alohida mahsulotlar tizimi va xizmat standarti belgilandi.

Kreditlash jarayoni ayniqsa sezilarli o‘zgardi. Talab qilinadigan hujjatlar soni 4-5 barobarga kamaydi, ko‘rib chiqish muddati 2-3 barobarga qisqardi. Kredit ajratish beshta bosqichdan ikkitaga tushirildi. Chakana kreditlash markazlashtirilib, to‘liq anderrayting tizimiga o‘tkazildi. Bu esa qarorlarning tezligi va aniqligini bir vaqtda ta’minladi.

Mikro va kichik biznes uchun real imkon

Mikro va kichik biznesga yo‘naltirilgan siyosat bankning eng ko‘p muhokama qilinayotgan yutuqlaridan biriga aylandi. Soddalashtirilgan kredit jarayoni tadbirkor yelkasidan ortiqcha ma’muriy yukni olib tashladi.

«SQB-AI Maslahatchisi» platformasi esa, g‘oyasi bor, lekin uni biznes-loyihaga aylantira olmayotgan tadbirkorga amaliy raqamli ko‘makchi bo‘ldi. Kredit skoringi va risklarni baholash jarayonlarida sun’iy intellektning qo‘llanilishi qaror sifatini oshirib, inson omiliga bog‘liq xatoliklarni minimallashtirdi.

SQB Premium: alohida format

Premium segmentidagi mijozlar uchun tashkil etilgan maxsus yopiq markazda barcha jarayonlar tezkor va individual yondashuv asosida olib boriladi. Bundan tashqari, har bir mijozga shaxsiy menejer biriktirilib, moliyaviy masalalar kompleks tarzda kuzatib boriladi.

Ammo “SQB Premium” markazi faqat bank xizmati bilan cheklanmaydi. U mijozning turmush tarzi va shaxsiy qulayligiga mos qo‘shimcha servislarni qamrab olgan premium ekotizimga aylangan.

Moliyaviy ko‘rsatkichlar: barqaror o‘sish

Amalga oshirilgan islohotlar moliyaviy natijalarda o‘z aksini topdi. 2025-yil yakuniga ko‘ra bankning sof foydasi 1,9 trln so‘mni tashkil etdi. Bu bir yil ichida 44 foizlik o‘sish. Umumiy aktivlar 102,4 trln so‘mga, depozit bazasi esa 1,5 barobarga kengaydi. Kapital rentabelligi (ROE) bo‘yicha davlat banklari orasida yetakchi o‘rin egallandi.

Raqamli xizmatlar ulushi 63 foizga yetdi. «SQB Mobile» ilovasida 2,8 milliondan ortiq faol foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan.

Xalqaro kapital bozorida ham yuqori natijalar kuzatildi. London fond birjasida 300 mln dollarlik yevroobligatsiya bilan debyut qilgan bank, 2025-yilda Markaziy Osiyoda birinchi bor AT1 tipidagi obligatsiyalarni muvaffaqiyatli joylashtirdi. E’tiborlisi, mazkur obligatsiyalarga nisbatan xorijiy investorlar tomonidan 1,4 mlrd dollarlik talab qayd etilib, taklifdan besh barobar oshdi.

Yashil moliya va ijtimoiy samara

O‘zbekistonning «yashil» iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi doirasida SQBning «yashil» kredit portfeli 704,3 mln AQSH dollari ekvivalentiga yetkazildi. Bu 7 000 dan ortiq ish o‘rni yaratilishiga zamin bo‘ldi. Shu bilan birga, Bankning barcha 39 ta binosi EDGE xalqaro sertifikatiga ega bo‘ldi.

«Mahallabay» dasturi orqali bir yil mobaynida 442,4 ming nafar aholi daromadli mehnatga jalb etildi.

Bankning erishgan yutuqlari xalqaro reyting agentliklari tomonidan ham e’tirof etildi: «Sustainable Fitch» SQBga «3» darajali 59-ballik ESG reytingini berdi, «Moody’s» va «Fitch» esa kredit layoqatini «Barqaror» prognoz bilan tasdiqladi.

Xalqaro e’tirof

So‘nggi uch yilda bank 15 dan ortiq xalqaro mukofotga sazovor bo‘ldi. «The Banker» nashri bankni «Yil banki», «Euromoney» esa «O‘zbekistonning eng yaxshi banki» deb e’tirof etdi. 2026-yilda «BAI Global Innovation Awards» mukofoti bankning innovatsion yo‘nalishini global miqyosda tasdiqladi.

Xulosa o‘rni aytish joiz, 172,5 million dollar – bu SQB brendining bugungi bahosi. Brendning tugal nuqtasi emas, balki yangi bosqichning boshlanish chizig‘i. Bank uchun bu raqam – mijozlar, hamkorlar va bozor tomonidan berilgan baho.

Amalga oshirilgan islohotlar, xalqaro integratsiya va rivojlanish yo‘li esa ushbu raqam bank brendining potensiali boshlanish nuqtasi ekanligini namoyon etadi. Endigi vazifa – ushbu ishonchni har bir xizmat, har bir qarorda tasdiqlab borish.

Kelgusida bank yanada jozibali hamda qulay mahsulotlar va hizmatlar bilan mijozlar ishonchini oqlash yo‘lida mustahkam qadamlar bilan borishini bildirdi.





Другие новости

26.05.2026 15:23:28
SQB: Taxiatoshda biznesni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi

Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Taxiatosh tumanida tadbirkorlar ishtirokida ochiq m ...

25.05.2026 12:18:11
SQB tomonidan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar davom etmoqda

Prezidentimizning tadbirkorlar bilan navbatdagi ochiq muloqotiga tayyorgarlik doirasida Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan ...

25.05.2026 09:56:49
SQB Namanganda tadbirkorlar takliflarini tingladi

Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan Namangan viloyatida 60 dan ziyod tadbirkor bilan uchrashuv oʻtkazildi. ...


Дата последнего обновления: 26.05.2026 18:22  
up
logo
DEMO
close
Давайте поговорим!
close
send