Davlat dasturlari ijrosi

“Tadbirkorlar maktabi”: biznesga bepul tayyorlov maskani


20.09.2023 20:25

Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan tashkil etilgan “Tadbirkorlar maktabi” oʻquv markazining barcha filiallarida navbatdagi oʻquv mavsumlari boshlanmoqda.

“Tadbirkorlar maktabi” qurilish materiallari ishlab chiqarishda tashabbuskor tadbirkorlarning sohadagi malaka darajasini muntazam oshirib borish, ilgʻor arxitektura va dizaynerlik tamoyillariga asoslangan “kelajak materiallari” nomenklaturasini kengaytirish hamda ishlab chiqarishga xalqaro standartlarni keng joriy etish maqsadida tashkil qilingan.

Oʻquv jarayoni Germaniya va Turkiya taʼlim tizimida qoʻllaniladigan dual taʼlim dasturi asosida yoʻlga qoʻyilib, mashgʻulotlar nazariy taʼlim, amaliy mashgʻulot, laboratoriya va mustaqil taʼlim tarzida olib borilmoqda.
Markazga jalb qilingan 20 dan ziyod yuqori malakali mutaxassislar orasida Turkiyaning Maltepe universiteti hamda Budapesht texnologiyalar va iqtisodiyot universiteti professorlari ham oʻrin olgan.

Tinglovchilarning bilim va malаkasini oshirish maqsadida, shuningdek, books.tadbirkormaktab.uz hamda OECD-iLibrary, EBSCO Publications, Report Linker kabi milliy va xalqaro elektron kutubxonalar imkoniyatlaridan ham keng foydalanib kelinmoqda.

Bundan tashqari, 1200 ta zamonaviy adabiyotdan tarkib topgan anʼanaviy kutubxona ham tinglovchilar ixtiyoriga topshirilgan.

Hozirda “Tadbirkorlar maktabi”ning Xorazm, Samarqand, Jizzax, Fargʻona va Nukus filiallari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ularda taʼlim olish mutlaqo bepul. Joriy yilning oʻtgan davrida ushbu markazlarda 350 nafar tinglovchi tahsil olgan boʻlsa, yil yakuniga qadar yana 500 dan ziyod talabgorlar malakasini oshirish koʻzda tutilgan.

Qoʻshimcha maʼlumot uchun: tadbirkormaktab.uz sayti yoki +99871-2549201 (Aloqa markazi).

https://youtu.be/MiYh81o2Qug

Bank Axborot xizmati




Другие новости


Дата последнего обновления: 25.09.2023 09:36  
up