Yangiliklar

“SQB Investor Day”: global moliya institutlari va investorlar bilan ochiq muloqot


18.06.2026 09:47

“SQB Investor Day”: global moliya institutlari va investorlar bilan ochiq muloqot

O‘zsanoatqurilishbank (SQB) Bosh ofisida V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “SQB Investor Day” xalqaro tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda xalqaro moliya institutlari, investitsiya fondlari, konsalting kompaniyalari, davlat va xususiy sektor vakillari hamda bankning yirik korporativ mijozlaridan iborat 300 ga yaqin ishtirokchi qatnashdi.

Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash, korporativ boshqaruvning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish va milliy kapital bozorini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil islohotlar xalqaro investorlar ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. “SQB Investor Day” tadbiri ana shu islohotlar natijasida shakllangan investitsiya muhiti va xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini namoyon etuvchi muhim muloqot platformasi bo‘ldi.

image-24-06-26-09-33-1.jpeg

Tadbir doirasida O‘zbekiston moliya sektorini rivojlantirish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, korporativ boshqaruvning ilg‘or tamoyillarini keng joriy etish hamda xalqaro ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Xususan, SQBning 2025-yil yakunlari bo‘yicha moliyaviy natijalari taqdim etildi. Jumladan, bank aktivlari 102 trln so‘mdan oshgani, sof foydasi 1,9 trln so‘mni tashkil etgani va tashqi moliyaviy resurslar hajmi 1,2 mlrd AQSH dollaridan ortgani qayd etildi.

Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan 2025-yilda London fond birjasida qo‘shimcha birinchi darajali kapital obligatsiyalarining (AT1) muvaffaqiyatli joylashtirilgani alohida e’tirof etildi. Mazkur bitim SQBning xalqaro kapital bozorlaridagi mavqeini yanada mustahkamlab, xorijiy investorlar doirasini kengaytirishga xizmat qildi.

image-24-06-26-09-33-3.jpeg

Bugungi kunda xalqaro investorlar bilan tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish har qanday moliya institutining barqaror rivojlanishi uchun muhim omil hisoblanadi, — dedi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruvi raisi o‘rinbosari Abdurashid Hakimov. — SQB mazkur yo‘nalishda xalqaro kapital bozorlaridagi ishtirokini kengaytirish, korporativ boshqaruvni takomillashtirish va investorlar bilan uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Bankning moliyaviy natijalari, xalqaro bozorlarda amalga oshirgan muvaffaqiyatli bitimlari hamda xorijiy moliya institutlari bilan hamkorlik ko‘lamining kengayib borayotgani bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini tasdiqlamoqda. “SQB Investor Day” kabi platformalar esa investorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilish, yangi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama etish va o‘zaro ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

image-24-06-26-09-33-2.jpeg

Tadbir doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, J.P. Morgan, Citibank, Standard Chartered Bank, Deutsche Bank, AKA Bank hamda boshqa xalqaro moliya institutlari va banklar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi.

Muzokaralarda investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, savdo operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash, kapital bozorlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda iqtisodiyot tarmoqlariga qo‘shimcha moliyaviy resurslar jalb etish istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, tadbir yakunida SQB bilan uzoq muddatli va samarali hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun qator xalqaro moliya institutlari va banklar turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.

Xususan, “Kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish bo‘yicha eng yaxshi hamkor” nominatsiyasi Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankiga, “Biznes transformatsiyasi bo‘yicha eng yaxshi hamkor” nominatsiyasi Xalqaro moliya korporatsiyasiga, “Savdo va ta’minot zanjiri moliyasi bo‘yicha eng yaxshi hamkor” nominatsiyasi Osiyo taraqqiyot bankiga, shuningdek, “Eng yaxshi tranzaksion xizmatlar bo‘yicha hamkor” nominatsiyasi J.P. Morgan Chase, “Savdo moliyasi bo‘yicha eng yaxshi hamkor” nominatsiyasi Mashreq Bank, “Qarz kapital bozorlari bo‘yicha eng yaxshi hamkor” nominatsiyasi Citibank, “Qarz va kredit yechimlari bo‘yicha eng yaxshi hamkor” nominatsiyasi Deutsche Bank, “Yilning eng yaxshi debyut hamkori” nominatsiyasi Standard Chartered Bank, “Valyuta operatsiyalari bo‘yicha eng yaxshi hamkor” nominatsiyasi Commerzbank hamda “Uzoq muddatli ishonchli hamkor” nominatsiyasi AKA Bankga topshirildi.

image-24-06-26-09-33.jpeg

“SQB Investor Day” ishtirokchilari fikri

Marius Dan,

“Templeton Global Investments” kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori

— O‘zsanoatqurilishbank O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya fondi portfelidan o‘rin olganidan juda mamnunman.

“SQB Investor Day” tadbiri ayni shu jihatdan muhim ahamiyatga ega. Chunki bugun Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalarining London va Toshkent fond birjalarida joylashtirilganiga bir oy to‘ldi. Qariyb 700 million AQSH dollari hajmidagi mazkur IPO investorlar tomonidan yuqori qiziqish bilan qarshi olindi va O‘zbekiston aktivlariga bo‘lgan ishonch ortib borayotganini namoyon qildi.

Biz Milliy investitsiya jamg‘armasi bilan birgalikda portfeldagi kompaniyalarni kapital bozoriga olib chiqish ustida ishlayapmiz. SQB ushbu portfeldagi yagona bank aktivi bo‘lib, uning o‘sish salohiyati yuqori. Bank aksiyalarini xalqaro fond bozorida ham ro‘yxatga olish rejasi SQBning xalqaro nufuzini mustahkamlash va moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Bugun O‘zbekiston global institutsional investorlar e’tibor markaziga aylangan. Endi esa ana shu ishonch va qiziqishdan samarali foydalanib, yangi kapital bozori bitimlarini amalga oshirish muhim. Chunki mamlakatga xalqaro kapital bozorida muvaffaqiyatli loyihalar ko‘proq kerak. Ishonamizki, O‘zbekiston hukumatining ko‘magi bilan mamlakat xalqaro kapital bozorlarida bundan ham ko‘proq muvaffaqiyatli bitimlarni amalga oshiradi.

Fransis Malij,

Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining moliya institutlari bilan ishlash bo‘yicha boshqaruvchi direktori

— Toshkent xalqaro investitsiya forumi va uning doirasida tashkil etilgan “SQB Investor Day” tadbiri O‘zbekistonning xalqaro investitsiya maydonidagi o‘rni tobora mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.

So‘nggi yillarda mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, korporativ boshqaruv standartlarini takomillashtirish va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ijobiy baholanmoqda. Bu, o‘z navbatida, investorlar ishonchini mustahkamlab, mamlakat iqtisodiyotiga yangi kapital oqimlarini jalb qilish uchun qulay sharoit yaratmoqda.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekiston bank sektori bilan uzoq muddatli va samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, SQB kabi yetakchi moliya institutlari iqtisodiyotning real sektorini moliyalashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va kapital bozorlarini rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Mazkur hamkorlik mamlakat iqtisodiyotiga investitsiyalar jalb etish va xususiy sektor imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Eng muhimi, biz amalga oshirilayotgan islohotlarning aniq natijalarini ko‘ryapmiz. Bugun O‘zbekiston zamonaviy, raqobatbardosh va barqaror iqtisodiyotni shakllantirish yo‘lida izchil harakat qilmoqda. Mamlakatda iqtisodiy taraqqiyot va farovonlikni ta’minlashga qaratilgan o‘zgarishlar izchil davom etayotgani xalqaro investorlar uchun ham muhim ijobiy ko‘rsatkich hisoblanadi. Kelgusida ham bu jarayon xalqaro investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishiga ishonamiz.

Saif Malik,

“Standard Chartered UK” Boshqaruv raisi

— “Standard Chartered” O‘zbekiston bozorida qariyb to‘rt yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida mamlakatning yetakchi kompaniyalari, yirik korporativ mijozlari hamda hamkorimiz SQB bilan moliyalashtirish yo‘nalishida samarali munosabatlarni shakllantirdik.

Bugungi kunda bank dunyoning 50 dan ortiq bozorida faoliyat olib boradi va xalqaro kapitalni istiqbolli investitsiya loyihalari bilan bog‘lovchi moliyaviy institut sifatida faoliyat yuritadi. Asosiy vazifamiz moliyaviy resurslarni yuqori o‘sish salohiyatiga ega bozorlar va loyihalarga yo‘naltirishdan iborat.

O‘zsanoatqurilishbank bilan to‘rt yildan buyon investitsiya jalb qilish va moliyalashtirish bo‘yicha ishlab kelmoqdamiz. “SQB Investor Day” tadbirida ana shu samarali faoliyatimiz e’tirof etildi. Bu biz uchun katta sharaf. O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sish tarixi bir qismi bo‘lishdan mamnunmiz.

Mark Venshik,

AKA Bank Boshqaruv raisi

— SQB bilan hamkorligimiz ko‘p yillik tarixga ega bo‘lib, o‘zaro ishonch va samaradorlik asosida rivojlanib kelmoqda. Bugungi kunda biz O‘zbekiston sanoati va xususiy sektorini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator eksport moliyalashtirish loyihalarini birgalikda amalga oshirmoqdamiz.

Ushbu hamkorlik mamlakat korxonalari uchun zamonaviy texnologiya va uskunalarni jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, SQB orqali tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilarning moliyaviy resurslarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qilmoqda.

Biz SQBning transformatsiya jarayonlarini, xalqaro moliya bozorlaridagi faolligini va korporativ boshqaruv sohasidagi yutuqlarini yuqori baholaymiz. Ishonamizki, oldinda bank bilan yanada yirik investitsiya va savdo-moliyalashtirish loyihalarini amalga oshirish imkoniyati mavjud. Shu bois SQB bilan strategik hamkorligimizni kengaytirishdan manfaatdormiz. 


image-24-06-26-09-33-4.jpeg




Другие новости

22.06.2026 16:19:10
Oʻzsanoatqurilishbank Fargʻonada tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi

Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga tayyorgarlik doirasida Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan hudud ...

19.06.2026 14:39:36
“Mehr ulashamiz” volontyorlik aksiyasi o‘tkazildi

Navbatdagi “Yoshlar kuni” tadbirlari doirasida O‘zsanoatqurilishbank (SQB) tomonidan 2-sonli “Muruvvat” nogironli ...

17.06.2026 17:36:15
Qashqadaryoda tadbirkorlarning murojaatlari o‘rganildi

Prezidentimizning tadbirkorlar bilan navbatdagi ochiq muloqotiga puxta tayyorgarlik ko‘rish doirasida O‘zsanoatqu ...


Дата последнего обновления: 24.06.2026 09:52  
up
logo
DEMO
close
Давайте поговорим!
close
send