Yangiliklar

SQB xalqaro kapital bozoridagi yirik bitimi uchun “GlobalCapital” mukofotiga sazovor bo‘ldi


24.12.2025 14:19

O‘zsanoatqurilishbank (SQB) xalqaro moliya bozorlaridagi faol ishtiroki hamda zamonaviy moliyaviy instrumentlarni joriy etishdagi innovasion yondashuvi natijasida nufuzli “GlobalCapital” xalqaro nashri tomonidan “Central and Eastern Europe (CEE) Deal of the Year” – “Markaziy va Sharqiy Yevropa yil bitimi” nominatsiyasida g‘olib deb topildi.

“GlobalCapital” xalqaro kapital bozorlari, qarz va aksiyaviy instrumentlar bo‘yicha tahliliy materiallari bilan tanilgan yetakchi moliyaviy nashrlardan biri hisoblanadi. Mazkur mukofot yuqori raqobat sharoitida, qat’iy tanlov hamda mustaqil ekspertlar baholovi asosida taqdim etiladi.

Ta’kidlash joiz, O‘zsanoatqurilishbank ushbu yutuqqa sazovor bo‘lgan O‘zbekistondagi ilk korporativ moliya instituti bo‘ldi. Bu e’tirof Bank tomonidan 2025-yil oktyabr oyida London fond birjasida joylashtirilgan 300 million AQSh dollari miqdoridagi birinchi darajali qo‘shimcha kapital (AT1) xalqaro obligatsiyalari emissiyasi natijasida qo‘lga kiritildi.

Ushbu emissiya nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo mintaqasida amalga oshirilgan ilg‘or tajriba sifatida e’tirof etildi. Bitim doirasida Citibank, J.P. Morgan, Mashreqbank, Raiffeisen Bank, Societe Generale va Standard Chartered kabi jahonning yetakchi moliyaviy institutlari bukrannerlar sifatida ishtirok etdi.

“GlobalCapital” tahliliga ko‘ra, bitim murakkab global moliya bozorlari sharoitida, investorlar ehtiyotkorligi ortib borayotgan bir davrda amalga oshirilganiga qaramasdan, yuqori talab bilan ajralib turdi. Joylashtirish jarayonida shakllangan buyurtmalar hajmi emissiya miqdoridan 4 barobardan ziyod bo‘ldi. Bu esa investorlarning nafaqat O‘zsanoatqurilishbankka, balki umuman O‘zbekiston moliya tizimiga bo‘lgan ishonchi mustahkam ekanini yana bir bor tasdiqladi.

“GlobalCapital” mukofoti O‘zsanoatqurilishbankning xalqaro moliya bozorlaridagi obro‘-e’tibori, institusional salohiyati hamda strategik rivojlanish yo‘nalishlari to‘g‘ri tanlanganini namoyon etadi. Shuningdek, u kelgusida yangi investorlarni jalb etish, uzoq muddatli hamkorlikni kengaytirish va yirik kapital operatsiyalarini amalga oshirish uchun mustahkam poydevor yaratadi.

Ma’lumot uchun: “GlobalCapital” nashri talqiniga ko‘ra, CEE (Central and Eastern Europe) mintaqasiga Polsha, Vengriya, Chexiya, Ruminiya, Bolgariya, Bolqon yarim oroli davlatlari, Boltiqbo‘yi mamlakatlari hamda MDH davlatlari kiradi.





Другие новости

03.04.2026 12:14:26
Yoshlar bilan ochiq muloqotlar – amaliy tashabbuslar maydoni

Prezidentimizning joriy yil 24-fevralda yoshlar bilan oʻtkazgan ochiq muloqotida belgilangan vazifalar ijrosini t ...

03.04.2026 09:47:23
“Oʻzsanoatqurilishbank” ATB rasmiy munosabati

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatida “Hamroh ayol” dasturi doirasida kredit ajratilishi bilan bogʻliq holat y ...

30.03.2026 10:00:13
Milliy an’analar – ezgu qadriyatlar ifodasi

Navro‘z – milliy qadriyatlarimiz, urf-odat va an’analarimiz yana bir bor namoyon bo‘ladigan, milliy o‘zligimiz va ...


Дата последнего обновления: 24.12.2025 14:21  
up
DEMO
close
Давайте поговорим!
close
send
logo