Barcha kreditlar
KPMG – Xalqaro auditorlik tashkiloti tomonidan olib borilgan tahlillar natijasi bankdagi ushbu tizim milliy va xalqaro standartlarga toʻla mos kelishini tasdiqlab, umumiy muvofiqlik darajasi 95 foiz etib baholandi (dunyo boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkich 75%).
2020-2025-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasida bank sohasini isloh qilishning keng masshtabli yoʻnalishlari belgilab berildi.
Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan ushbu strategiya asosida yetakchi xalqaro institutlar bilan hamkorlikda chuqur transformatsiya ishlari olib borildi.
Xususan, xalqaro andozalarda Korporativ boshqaruv xizmati yoʻlga qoʻyildi. Korporativ boshqaruv siyosati va kodeksi hamda investorlar va hamkorlar uchun bank shaffofligini taʼminlovchi Axborot siyosati ishlab chiqildi. Bank Kengashi tarkibiga 5 nafar mustaqil aʼzo qoʻshildi. 5 ta yangi qoʻmita (Strategiya, Tayinlash va ragʻbatlantirish, Yirik va manfaatli bitimlar, Tavakkalchiliklarni nazorat qilish, Audit qoʻmitalari) tashkil qilinib, ularning barchasida mustaqil aʼzolar ishtiroki taʼminlandi.
Risklarni boshqarish hamda audit tizimi takomillashtirildi. Bank gʻaznachilik faoliyati xalqaro standartlarga muvofiqlashtirildi, aktiv-passivlar, likvidlik, kapitalni boshqarishning yangi tizimi yaratildi, tarmoqlarni transformatsiya qilish metodologiyasi asosida barcha filiallar faoliyati isloh qilindi.
Boshqaruv raisi va aʼzolari hamda boshqa muhim lavozimlarga nomzodlarni tayinlash Bank Kengashi tomonidan amalga oshirilishi, shuningdek, boshqaruvni KPI asosida ragʻbatlantirish yoʻlga qoʻyildi. Bank rasmiy saytida investor va aksiyadorlar uchun maʼlumotlar ochiqlash yuqori darajada tashkil etildi.
KPMG ekspertlari tomonidan Bank korporativ boshqaruvi mustaqil baholashdan oʻtkazilganda mazkur barcha yoʻnalishlar chuqur tahlil qilinib, tizimning mahalliy va xalqaro standartlarga muvofiqligi tasdiqlandi.
Maʼlumot uchun. KPMG – dunyodagi eng yirik professional xizmatlar tarmoqlaridan biri, auditorlik firmalari orasida yirik toʻrtlik qatoriga kiradi. Xalqaro shtab-kvartirasi Amstelveyen shahri (Niderlandiya)da joylashgan. Kompaniyaning 220 mingga yaqin xodimi 145 mamlakatda faoliyat yuritadi.
Bank Axborot xizmati