Yangiliklar

O‘zsanoatqurilishbank ko‘magida Forish tumanida yirik uzum plantatsiyasi barpo etilmoqda


04.12.2024 17:33

O‘zsanoatqurilishbank tomonidan Jizzax viloyatining Forish tumanida 100 gektarlik yirik uzum plantatsiyasi barpo etilishi moliyaviy qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Jizzax viloyatining 4 ta tumanida bog‘dorchilikni rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirish toshirig‘i berilgan edi. Ana shu tumanlardan biri Forishdir. Bugungi kunda u yerda 100 gektarlik yirik uzum plantatsiyasi barpo etilmoqda.

– Forish tumanining yer va iqlim sharoiti uzumchilikni rivojlantirishga mos, sershamol, tuprog‘i qumli, issiq ob-havo erta keladi, – deydi loyiha tashabbuskori bo‘lgan “Baland osmon garden” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh agronomi Nomoz Qambarov. – Qolaversa, azaldan ota-bobolarimiz uzumning qora kishmish navini ko‘proq yetishtirgan. Ularga ergashib, mehnat qilib, orttirgan tajribalarimizni ishga solgan holda bugun tumanimizning “Egizbuloq” va “Oqtom” mahallalarida ulkan bog‘ yaratayapmiz.

Bugungi kunda plantatsiyaning 50 gektar maydoni tayyor holga keltirildi, jalb qilingan 70dan ziyod ishchilar uzumlarni ekib tugatish arafasida. Yana shuncha yer maydonida ham ekish ishlari yil oxirigacha yakuniga yetkaziladi.

Mutaxassislar fikricha, ekilayotgan nihollar 3 yilda hosilga kiradi, beshinchi yil eksportga tayyor bo‘ladi. Bir tupdan 15 kilogramgacha uzum yoki 4 kg mayiz (shu jumladan, 1 gektardan 1-1,5 tonnadan ziyod mahsulot) olinadi.

100 gektarlik uzumzorni sug‘orish tizimi to‘liq Turkiya texnologiyasi asosida masofadan boshqariladi. O‘zsanoatqurilishbank tomonidan ajratilgan kredit mablag‘lari hisobiga keltirilgan ushbu texnologik majmua orqali tuproq namligini me’yorida saqlash, ularni zarur o‘g‘it va suv bilan ta’minlashning aniq hisob-kitobi olingan.

Loyihaning yana bir iqtisodiy ahamiyati shundaki, u “Kambag‘allikdan – farovonlik sari” davlat dasturi bilan hamohang. Ushbu tokzorlar to‘liq hosilga kirgach hududdagi ishsiz yoshlar, ehtiyojmand va kambag‘al oila vakillarillariga ijara asosida bo‘lib berilib, ular uchun doimiy ish o‘rinlari, istiqbolli daromad manbai yaratiladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu chora-tadbirlar natijasida hududdagi 200-300 nafar aholi qatlamini kambag‘allikdan chiqarish hamda har bir oilaning daromadini kamida 70 mln. so‘mga yetkazish maqsad qilingan.

– Uzum bog‘dorchiligi bu yerlik aholi uchun begona soha emas, yoshligimizda ota-bobolarimizga parvarish va terim mavsumlarida yordam berardik, – deydi ishchilardan biri Abror Toshmurodov. – Bugun ushbu bog‘ yaratilayotganidan juda mamnunmiz. Sababi, oilani boqish ilinjida ko‘p yillar musofirlikda yurdik. Endi esa, mana shu tokzorda ishlab ham yetarlicha rizq topayapmiz.

– Prezidentimiz tomorqa egalariga mevalarni sifatli yetishtirish ilmini o‘rgatish muhimligini ko‘p ta’kidlaydi, – deydi Nomoz Qambarov. – Biz ham ularning ko‘rsatmalariga binoan ishchilarimizni uzumchilik bo‘yicha bosqichma-bosqich o‘qitib, shu soha mutaxassisi qilib yetishtirishni ko‘zda tutganmiz.

Loyiha tashabbuskorlari kelgusida uzumzor maydonini yanada kengaytirish, shu yerning o‘zida mayiz quritish korxonasini ishga tushirish va shu orqali hududda yirik meva-sabzavot klasterini barpo etishni rejalashtirgan. Bu nafaqat tuman, balki mamlakatimiz iqtisodiyotida yangi imkoniyat va istiqbolli quvvatlarning vujudga kelayotganidan darakdir.


https://youtu.be/yYUFeJKIb1M

Bank Axborot xizmati





Другие новости

12.12.2025 15:49:57
O‘zsanoatqurilishbankda korrupsiyaga qarshi kurashishga bag‘ishlangan “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi

9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan O‘zsanoatqurilishbank tomonidan “Ochiq esh ...

11.12.2025 15:06:10
Korrupsiya va manfaatlar toʻqnashuvi holatlari haqida xabar bering!

Oʻzsanoatqurilishbank tizimida korrupsiya va manfaatlar toʻqnashuvining oldini olishga qaratilgan aloqa kanallari barqar ...

10.12.2025 18:01:13
Jizzaxda korporativ mijozlar uchun amaliy muloqot va xizmatlar taqdimoti o‘tkazildi

O‘zsanoatqurilishbank Korporativ markazi tomonidan Jizzax viloyatida qator tashkilot va muassasalar xodimlari bil ...


Дата последнего обновления: 28.10.2025 17:54  
up
DEMO
close
Давайте поговорим!
close
send
logo