Yangiliklar

Faktoringni rivojlantirish – davr talabi


15.10.2024 16:27

Faktoring tadbirkorlikni rivojlantirishda qulay moliyaviy vosita. Shuning uchun yurtimizda kredit xizmatlari qatorida faktoring ham ommalashtirilmoqda.

Prezidentimiz tomonidan joriy yil 12-avgustda qabul qilingan “Faktoring xizmatlari bozorini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon bunga yaqqol misoldir.

“O‘zsanoatqurilishbank” ATB Kichik va o‘rta biznes departamenti direktori o‘rinbosari Abrorxon Usmonov farmon mazmun-mohiyati haqida quyidagilarni so‘zlab berdi:

Avvalo faktoring haqida qisqacha

– Faktoring uch tomonlama, ya’ni, faktoring tashkilot (shu jumladan, bank), mahsulot yetkazib beruvchi va xaridor o‘rtasidagi bitimga asoslangan moliyalash shakli. Bunda faktoring tashkilot biznesning debetorlik majburiyatini o‘z zimmasiga olib, aylanma mablag‘larni moliyalashtirishga mablag‘ ajratganda yetkazib beruvchi va xaridor o‘rtasidagi o‘zaro hisob-kitoblar tezlashadi, aylanma mablag‘larning sezilarli darajada oshishi ta’minlanadi.

Masalan, yirik savdo tarmog‘i egasi ulgurji shaklda mahsulot yetkazib beruvchi tadbirkorga to‘lovni oldindan to‘lash imkoniga ega bo‘lmaganda bankka murojaat qiladi. Bank hisobvaraq-fakturani olishda yetkazib beruvchiga barcha summani muayyan chegirma bilan to‘lab beradi. Bu har uch tomon uchun birdek manfaat keltiradi, ya’ni, chakana sotuvchi tovarni, yetkazib beruvchi o‘z pulini, faktor o‘z komissiyasi (partiya uchun to‘langan va qoplangan summa o‘rtasidagi farq)ni oladi. 

Faktoring – hayotiy zarurat

– Faktoring, shuningdek biznesdagi turli risklar xavfini kamaytirishga, tovar-pul oqimlarining o‘zaro mutanosibligini ta’minlashga xizmat qiladi. Shu bois tadbirkorlik subyektlariga moliyaviy yengilliklar yaratishda faktoring mexanizmlari ham qayta o‘rganildi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 12-avgustdagi “Faktoring xizmatlari bozorini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga binoan xizmat va xizmat ko‘rsatish majmui takomillatirildi.

Xususan, faktoring xizmatlari uchun elektron platforma joriy etilib, faktoring amaliyotlari avtomatlashtiriladigan bo‘ldi. Klassik turdagi faktoring xizmatlarini yangilari bilan boyitishga sharoiti yaratildi. Xizmat ko‘rsatish muddati 90 kundan 180 kungacha uzaytirildi.

O‘z navbatida, bunday o‘zgarishlar biznes jarayonlarining yanada tezlashishiga, hujjatlarni ko‘rib chiqishda shaffoflik ortishiga, tadbirkorlar zarur mablag‘lar bilan muntazam ta’minlanishiga omil bo‘ladi.

Shuningdek, farmon asosida faktoring tashkilotlari, jumladan, banklar oldidagi tavakkalchiliklarning oldini olish maqsadida faktoring amaliyotlarini tartibga solish mexanizmlari ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, faktoring hisobidan to‘lab berilgan qarzdorliklar hisobini Garov reyestrida yuritish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Tijorat banklari qoshida faktoring tashkilotlarini tashkil qilish vazifasi belgilandi. Tashkilotlar faoliyati tadbirkorlar o‘rtasida ushbu xizmatni yanada ommalashtirish, korxonalarga aylanma mablag‘lar borasida ko‘maklashish hamda soha subyektlari hisobi yuritilishini nazorat qilishga qaratiladigan bo‘ldi. 

Xalqaro faktoringga keng yo‘l

– Xalqaro faktoring deganda tadbirkorlik subyektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash tushuniladi. Xalqaro tajribaga ko‘ra bunday amaliyot davlat iqtisodiyotiga katta foyda keltiradi. Xususan, eksportyor korxonalarning tovarlar eksporti hisobiga mablag‘lar tanqisligiga uchrashi oldi olinadi, ishlab chiqarishda uzviylik ta’minlanadi.

Shu bois yangi farmonda xalqaro faktoringni tadbiq etishga alohida e’tibor qaratildi. Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga faktoring hisobidan moliyalashtirish imkoniyati kiritildi.

2025-yil 1-yanvardan boshlab kredit tashkilot (bank)larga faktoring shartnomalari bo‘yicha sotib olingan pul talabnomalarini qayta sotish (refaktoring) imkoniyati berildi. Shuningdek, mijozning kontragenti norezident bo‘lganda, faktoring operatsiyalarini xorijiy valyutada amalga oshirishga ruxsat etiladi.

Kelgusi yildan boshlab pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish bo‘yicha taqiqni buzganlik uchun javobgarlik bekor qilinadi. Shuningdek, voz kechilgan huquqqa bo‘lgan talabnomalarning ustuvorligini ta’minlash maqsadida pul talabnomasidan voz kechish to‘g‘risidagi xabarnomalar garov reyestrida ro‘yxatga olinadi.

O‘zsanoatqurilishbankda faktoring xizmati ko‘lami

– Bank tomonidan faktoring xizmati muassasada asosiy hisobvarag‘iga ega bo‘lgan va davlat ro‘yxatidan o‘tganiga 12 oydan kam bo‘lmagan yuridik shaxs maqomiga ega tadbirkorlik subyektlari uchun ko‘rsatiladi.

Bunda milliy faktoring xizmatlarini ko‘rsatishda kontrakt summasining 15 foizi oldindan to‘langan bo‘lishi lozim.

Eksport bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar uchun xalqaro faktoring xizmati kontrakt summasining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorigacha ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, yetkazib berilgan tovar (mahsulot)lar, bajarilgan ishlar yoki ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlar akseptlangan va to‘lov to‘lanmagan bo‘lishi, shuningdek debitorning muddati o‘tgan kreditorlik qarzi mavjud bo‘lmasligi zarurdir.

Qayd etish joiz, bank tomonidan joriy yilning 1-sentyabr holatiga ko‘ra, jami 51 mlrd. so‘m hajmida faktoring xizmatlari ko‘rsatilgan.

 

Bank Axborot xizmati





Другие новости

12.12.2025 15:49:57
O‘zsanoatqurilishbankda korrupsiyaga qarshi kurashishga bag‘ishlangan “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi

9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan O‘zsanoatqurilishbank tomonidan “Ochiq esh ...

11.12.2025 15:06:10
Korrupsiya va manfaatlar toʻqnashuvi holatlari haqida xabar bering!

Oʻzsanoatqurilishbank tizimida korrupsiya va manfaatlar toʻqnashuvining oldini olishga qaratilgan aloqa kanallari barqar ...

10.12.2025 18:01:13
Jizzaxda korporativ mijozlar uchun amaliy muloqot va xizmatlar taqdimoti o‘tkazildi

O‘zsanoatqurilishbank Korporativ markazi tomonidan Jizzax viloyatida qator tashkilot va muassasalar xodimlari bil ...


Дата последнего обновления: 28.10.2025 17:54  
up
DEMO
close
Давайте поговорим!
close
send
logo