O‘zsanoatqurilishbank tomonidan xalqaro standartlar doirasida energiya siyosati ishlab chiqildi. Bu O‘zbekistonda ESG tamoyillariga rioya qilishning moliyaviy omili sifatida atrof-muhitni muhofaza qilishda tabiiy resurslarni tejashga xizmat qiladi.
Mamlakatimizda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi doirasida “yashil” va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish hamda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida resurslarni tejashni yanada kengaytirishga qaratilgan islohotlar tobora chuqurlashtirilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan 2023-yil 31-iyulda qabul qilingan “O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat bankining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorda ham bu borada alohida vazifalar belgilangan.
Qaror asosida ishlab chiqilgan O‘zsanoatqurilishbank energiya siyosati muassasa mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilayotgan loyihalarning energiya samaradorligini tizimli va barqaror ravishda oshirish, issiqxona gazlari chiqindilari hamda global isish tezligini kamaytirishga qaratilgan.
Shuningdek, hujjat bank faoliyatida yoqilg‘i-energetika resurslaridan oqilona va tejamkor foydalanish borasida belgilangan maqsad va vazifalarga mas’uliyat bilan yondashishni tartibga soladi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda Xalqaro moliya korporatsiyasi ko‘magida ishlab chiqilgan siyosat qator chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
Bankning barcha bino va inshootlarini loyihalash, rekonstruksiya qilish, qurish va jihozlashda sertifikatlangan energiya tejovchi texnologiya va uskunalardan foydalanish, ISO 50001 energiya menejmenti tizimi talablariga muvofiq sertifikat olib, bank energiya menejmenti tizimining natijaviy ishlashini ta’minlash, energiya samaradorligini oshirish va kompleks rivojlanish dasturlarini ishlab chiqishda maqsad va vazifalarni energiya rejalashtirish asosida belgilash shular sirasiga kiradi.
Mazkur siyosatni yuritish iqlim o‘zgarishi darajasini pasaytirish bilan birga katta miqdorda mablag‘ va resurslarni tejashga yordam beradi.
Bank Axborot xizmati