Davlat dasturlari ijrosi

Oʻzsanoatqurilishbank qoraqalpoq xalqi va mahallalarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlamoqda


30.03.2022

Oʻzsanoatqurilishbank qoraqalpoq xalqi va mahallalarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlamoqda

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda har bir jabhadagi islohotlar Harakatlar strategiyasi asosida amalga oshirilgan boʻlsa, bugungi saʼy-harakatlar Taraqqiyot strategiyasi nomi bilan yangi bosqichda davom ettirilmoqda.

Taʼkidlash joiz, aniq va oʻzgarmas tamoyillardan iborat ushbu har ikki strategiya ham mohiyatan xalq manfaatlari, har bir toifadagi fuqarolar orzu-umidlari yoʻgʻrilgan milliy gʻoyalarni oʻz ichiga oladi.

Prezidentimizning joriy yil 28-yanvardagi “2022-2026-yillarga moʻljallangan yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni hamda mazkur hujjat bilan tasdiqlangan 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida inson qadrini ulugʻlash va ijtimoiy himoya siyosatining yanada kuchaytirilganligi alohida ahamiyatlidir.

Mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, xususan davlat dasturlariga doir ustuvor yoʻnalishlar ijrosida faol ishtirok etib kelayotgan Oʻzsanoatqurilishbank Uchinchi Renessans davri islohotlarida ham kamarbastalik qilmoqda.

Bankimiz tomonidan kambagʻallikni qisqartirish, aholini ijtimoiy himoyalash, ularni ish oʻrinlari va kafolatli daromad manbayi bilan taʼminlash, malakali tibbiy va taʼlim xizmatlari, munosib turmush sharoitlari yaratishga qaratilgan alohida chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Hududlardagi “ogʻir” mahallalar va ehtiyojmand oilalar manzilli oʻrganilmoqda.

Bu borada dastlabki natijalar xususida toʻxtalib, bugungi kun holatiga koʻra, Bank tomonidan Qoraqalpogʻistondagi tumanlar hokimliklariga jami 78 ta zamonaviy kompyuter yetkazib berilganligini qayd etish mumkin.

Shuningdek, Taxtakoʻpir tumanida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga 200 mln. soʻm moliyaviy yordam koʻrsatildi. 370 mln. soʻmlik homiylik asosida tumanning “Beltau” mahallasi aholisi uchun hammom binosi qurib berildi. Ayni paytda tumanda obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Taxiatosh tumanida 15 mln. soʻm homiylik asosida tumanning “Qusshiliq” mahallasida joylashgan 1 ta sport va 4 ta bolalar maydonchasi taʼmirlab berildi.

Tadbirkor va aholi oʻrtasida kooperatsiyani yoʻlga qoʻyish maqsadida “Etakchi tadbirkor” – “Taxiatosh Chicken” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga 1 mlrd. soʻm miqdorida kredit ajratildi. Natijada, korxona tomonidan xonadonlarga 4 000 bosh parranda va 6 000 ming bosh joʻja ochish uchun 30 ta inkubator uskunasi 80 ta xonadonga tarqatildi. 

Bankimiz mutasaddilari Qoʻngʻirot tumanidagi sharoit bilan yaqindan tanishganida hududdagi  28,7 ming aholining 5,7 mingtasi ishsiz hamda 19 ta mahalla “ogʻir” ahvolda ekanligi aniqlandi. “Oʻrnak”, “Kiyet” va “Qangli” mahallalari xalqini koʻp yillardan beri ichimlik suv muammosi qiynab kelayotgani maʼlum boʻldi.

Mazkur kamchiliklarni bartaraf qilish maqsadida bank tomonidan yuqoridagi 3 ta mahallaga toza ichimlik suvi yetkazib berish uchun 500 mln. soʻmlik homiylik koʻrsatildi.

Tumanning 19 ta “ogʻir” mahallasida sport maydonchalari tashkil etish yuzasidan hokimlik bilan kelishib, dastlabki bosqichda 300 mln. soʻm ajratib berildi.

Bugungi kunda tumanining “Adabiyot” mahallasida sport maydonchasi  qurib bitkazilgan boʻlsa, “Jenishke” mahallasidagi mavjud sport maydonchasi taʼmirlab berildi. “Talliq”, “Minjargan” va “Qanli” mahallalarida esa sport anjomlarini oʻrnatish ishlari davom ettirilmoqda.

Bundan tashqari, hokim yordamchilari koʻmagida aholining oʻz tamorqa yeridan unumli foydalanishi va qoʻshimcha daromadga ega boʻlishi uchun jami 58,0 ming bosh parranda, quyon, qoʻy va echki hamda asalari uyalari yetkazib berildi. Shundan 56,0 ming bosh parranda, 343 bosh quyon oilasi, 1 493 bosh qoʻy va echki, 131 dona asalari uyasi hisoblanadi.

Shuningdek, joriy yil birinchi choragi uchun tumanlar va mahallalarning har biri boʻyicha alohida “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilgan. Yillik “Yoʻl xaritasi” esa tasdiqlanish jarayonida.

Maʼlumki, inson qadr-qimmati, huquqi va erkinliklari mezoni unga boʻlgan eʼtibor, gʻamxoʻrlik, insonparvarlik munosabatlari kabi fazilatlar bilan oʻlchanadi. Shu bois bir asrlik tajribamizga tayanib, bugungi faoliyat mezonlarimizdan kelib chiqib, qolaversa, “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” davlat dasturida belgilangan vazifalar doirasida Qoraqolpogʻiston Respublikasida joriy yil davomida amalga oshiriladigan ishlarimizni rejalashtirib oldik.

Unga koʻra, birinchi chorakda mahallalardagi xonadonlarni xatlovdan oʻtkazish ishlarini toʻliq yakuniga yetkaziladi hamda “Online Mahalla” elektron platformaga kiritilishi taʼminlanadi. Taxiatosh tumanida “Taxiatosh Chikken” korxonasi tomonidan qoʻshimcha 30 000 ta xonaki va 150 ta inkubator tovuqni tarqatish orqali 750 ta xonadon egalari bandligi taʼminlanadi. Bandlik va mehnat munosabatlari hududiy boshqarmasi tomonidan 6,5 mingga yaqin ish oʻrinlari yaratiladi. “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish” dasturi doirasida 30 mlrd. soʻm miqdorida 1 500 ga yaqin fuqarolarga imtiyozli kreditlar, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish va oʻzini-oʻzi band qilish maqsadida 6 mlrd. soʻm hajmida subsidiya ajratiladi. Qiymati 140,4 mlrd. soʻm boʻlgan 101 ta loyihaning ishga tushirilishi natijasida 1 350 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Joriy yilning ikkinchi choragida esa Bandlik va mehnat munosabatlari hududiy boshqarmasi tomonidan 30,0 ming ish oʻrinlari yaratiladi (boʻsh ish oʻrinlari, jamoat joylariga, xunarmandchilik va h.k). Oilaviy tadbirkorlik uchun jami 300 mlrd. soʻm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratish orqali 2 500 ga yaqin tadbirkorlik subyekti tashkil etiladi. Mahallalarda kooperatsiya asosida tijorat banklari tomonidan 30 ta “etakchi” tadbirkorga 1700 ga yaqin xonadonlarni biriktirgan holda ularga 38 mlrd. soʻm miqdorida kredit ajratiladi. 5 000 nafardan ortiq fuqaro tadbirkorlikka va 2 900 nafardan ortiq fuqaro kasbga oʻqitiladi. Aholiga tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish va oʻzini-oʻzi band qilish maqsadida 30 mlrd. soʻmdan ortiq miqdorida subsidiyalar ajratiladi.

Bundan tashqari, hududiy dasturlar doirasida joriy yil davomida qiymati 4,1 trln. soʻmlik 819 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Buning hisobiga 14 971 ta yangi ish oʻrni barpo etilishi belgilangan.

Umuman, 2022-2026-yillarga moʻljallangan “Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi” va uni 2022-yil – “Inson qadrini ulugʻlash va faol  mahalla yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini tashkil etish borasida butun bankimiz tizimida keng miqyosli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, aholi va tadbirkorlar murojaatlari bilan ishlash, mijozlarga yuksak darajada xizmat koʻrsatish, hamkorlarimiz bilan yanada manfaatli kelishuvlarga erishish borasida izlanishlar faol davom ettirilmoqda.

Farrux Abdurahmonov,

“Oʻzsanoatqurilishbank” ATB

                                                                                                                                             Boshqaruv raisi oʻrinbosari.





Boshqa yangiliklar

03/06/2024 02:17:11 pm
Qaror ijrosi doirasida

O'zsanoatqurilishbank Axborot xizmati yangi loyihani e'tiboringizga havola etadi. Unda hududlarda amalga oshirilishi rej ...

02/15/2024 06:13:24 pm
O‘zbekiston-Ozarbayjon hamkorligidagi investitsiya loyihalari muhokama qilindi

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasida Ozarbayjon-O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi bosh direktori Nazim G ...

01/22/2024 05:06:12 pm
Qurilish materiallari sanoati: mas’ullik, harakat va natija

Qurilish materiallari sanoati: mas’ullik, harakat va natija O‘zsano ...


Oxirgi yangilanish sanasi: 30.03.2022 19:06  
up